Buyruqlar satrida bitta oldingi direktoriyaga qaytish

Опубликовано Behzod Saidov 12.10.2008

TerminalLinux buyruqlar satrida ishlaganda bitta direktoriya(jild)dan boshqasiga o‘tish uchun cd (change directory) buyrug‘i ishlatiladi. Bu buyruq  boshlovchi foydalanuvchilar fayl tizimida harakatlanish uchun dastlab o‘rganishi kerak bo‘lgan buyruqlardan biridir. Uni ishlatish juda oson. Masalan, /var/www/html/ direktoriyasiga o‘tish uchun

cd /var/www/html/

buyrug‘ini berasiz. Ya’ni cd buyrug‘idan so‘ng qaysi direktoriyaga o‘tish kerak bo‘lsa o‘sha direktoriyagacha bo‘lgan yo‘lni yozish kerak. Agar u joriy jildda bo‘lsa shunchaki nomini yozish ham kifoya. Bitta yuqoridagi direktoriyaga o‘tish uchun esa

cd ..

buyrug‘i ishlatiladi.

Lekin bitta oldingi direktoriyagachi? Unga qanday o‘tamiz? Ko‘pgina tajribali Linux foydalanuvchilari ham bu savolga darrov javob bera olishmaydi. :)

Xullas, bundan oldin ishlagan direktoriyangizga

cd -

buyrugi yordamida o‘tishingiz mumkin.Quyidagi buyruqlar ketma ketligiga e’tibor bering:

[behzod@localhost etc]$ pwd
/etc
[behzod@localhost etc]$ cd /var/www/html/
[behzod@localhost html]$ pwd

/var/www/html
[behzod@localhost html]$ cd -
/etc
[behzod@localhost etc]$

Yuqorida dastlab foydalanuvchi /etc direktoriyasida turgan edi.  (pwd buyurug‘i joriy direktoriyani ko‘rsatadi). Keyin u /var/www/html direktoriyasiga o‘tdi. cd - buyrug‘i bilan yana bundan oldingi direktoriyaga ya’ni /etc ga qaytdi.

Agar cd.. buyrug‘i ishlatilganida u /var/www/ direktoriyasiga o‘tgan bo‘lardi.

Eslatma: cd - buyrugini cd ~ bilan adashtirmang. cd ~ foydalanuvchining uy direktoriyasiga o‘tish uchun ishlatiladi.

OpenOffice.org Calc dasturida “StarWars” o‘yini

Опубликовано Behzod Saidov 12.08.2008

Linux tizimida elektron jadvallar bilan ishlashda asosan OpenOffice.org Calc dasturi ishlatiladi. Bundan oldingi bir maqolada uning mualliflari bilan tanishish haqida yozgandim. Unda yana bir qiziq yashirin imkoniyat bor. Agar jadvallar, formulalar bilan ishlab charchagan bo‘lsangiz xoxlagan katakchaga =Game(”StarWars”) deb yozing va enter tugmasini bosing… :) OpenOffice.org Calc dasturchilari uning ichiga siz uchun “StarWars” o‘yinini joylab qo‘yishgan.:)

calc-star-wars.png

Tezkor “Copy&Paste”

Опубликовано Behzod Saidov 28.06.2008

Ko‘picha biror bir matnni belgilab boshqa dasturga nusxasini olmiz. Odatda bunda kontekst menyudan yoki Ctrl+C va Ctrl+V tugmalar birikmasidan foydalanishadi. Linuxda buni yanada oson amalga oshirish mumkin. Kerakli matnni begilang, so‘ng uni nusxasini qo‘ymoqchi bo‘lgan dasturni oching. Oldingi dasturda belgilangan matnni bu dasturga qo‘yish uchun sichqonchaning o‘rta tugmasini (g‘ildirakchani) bosish kifoya…


Copyright © 2007 Linux.zn.uz. All rights reserved.