Turli davlatlarda Linux distributivlariga bo‘lgan qiziqish darajasi

Опубликовано Behzod Saidov 22.08.2008

Royal Pingdom blogida dunyoning turli davlatlaridagi Linux distributivlariga qiziqish darajasini o‘zida ifodalaovchi tahliliy maqola taqdim qilindi. Tahlil uchun asosiy qurol sifatida Google xizmatlaridan foydalanilgan. Yani, Google yordamida distributiv haqida ma’lumot qanchalik ko‘p qidirilgan bo‘lsa, demak o‘sha distributiv eng mashxur degan tamoyil asosida tahlil o‘tkazilgan. Tahlil uchun 8 ta eng ko‘p ishlatiladigan distributivlar tanlab olingan: Ubuntu, OpenSUSE, Fedora, Debian, Red Hat, Mandriva, Slackware va Gentoo.

Dunyoning turli davlatlarida Linux  operatsion tizimiga bo‘lgan umumiy qiziqish quyidagi grafikda aks etgan:

Linux interest in tje world

Grafikdan ham ko‘rinib turibdiki, Rossiya, Hindiston va Kuba Linux haqida ma’lumot qidirish bo‘yicha eng faol davlatlar hisoblanishar ekan.

Distributivlarga bo‘lgan qiziqish bo‘yicha tahlil natijalari esa quyidagicha:

OpenSUSE

  1. Rossiya
  2. Chexiya
  3. Moldova
  4. Germaniya
  5. Indoneziya

Gentoo

  1. Rossiya
  2. Chexiya
  3. Belarus
  4. Moldova
  5. Estoniya

Mandriva

  1. Rossiya
  2. Chexiya
  3. Polsha
  4. Fransiya
  5. Indoneziya

Slackware

  1. Bolgariya
  2. Indoneziya
  3. Braziliya
  4. Rossiya
  5. Polsha

Debian

  1. Kuba
  2. Chexiya
  3. Germaniya
  4. Belarus
  5. Rossiya

Red Hat

  1. Bangladesh
  2. Nepal
  3. Shri-Lanka
  4. Hindiston
  5. Kuba

Ubuntu

  1. Italiya
  2. Kuba
  3. Indoneziya
  4. Norvegiya
  5. Chexiya

Fedora

  1. Shri-Lanka
  2. Bangladesh
  3. Hindiston
  4. Nepal
  5. Zimbabve

Ingliz tilidagi maqolaning to‘liq matni va qo‘shimcha grafiklar bilan ushbu manzilda tanishishingiz mumkin

Veb 2.0

Опубликовано Behzod Saidov 16.07.2008

Veb 2.0 haqida gapirishdan oldin veb (web) tushunchasiga to‘xtalib o‘tish o‘rinli.  Veb deganda ko‘z oldimizga Internet tarmog‘idagi son sanoqsiz bir biriga chambarchas bog‘liq sahifalar, saytlar ko‘z oldimizga keladi. Internet tarmog‘i sahifalaridagi qandaydir bir bog‘ bizni boshqa bir sahifaga boshlasa, u sahifadagi bog‘ esa o‘z navbatida yana boshqa sahifaga o‘tishimizga yoki ortga, oldingi sahifaga qaytishimizga sababchi bo‘lishi mumkin. Internet tarmog‘ida sahifalarning bunday taqdim qilinishi ularni «World Wide Web» yaʼni «Butun jahon o‘rimchak to‘ri» yoki qisqa qilib Web (Veb) yaʼni «to‘r» deb atalishiga sabab bo‘ldi.

Tim O‘ReillyVeb 2.0 degan atamaning paydo bo‘lishini Tim O’Reyli(Tim O’Reilly) tomonidan 2005-yilda yozilgan «Veb 2.0 nima?» («What Is Web 2.0») deb nomlangan maqola bilan bog‘lashadi. Bu maqolada  Tim O’Reyli bir biri bilan bir qancha umumiy tamoyillarga ko‘ra bog‘liq bo‘lgan ko‘plab saytlarning paydo bo‘lishini Internet hamjamiyatidagi rivojlanish bilan bog‘laydi va ushbu holatni Veb 2.0 deb ataydi. 1.0, 2.0, 3.0 kabi raqamlanish dasturiy mahsulotlarga xos bo‘lib odatda yangi dastur kattaroq raqamga ega bo‘ladi. Masalan, Firefox 2.0, Firefox 3.0. Veb 2.0 atamasidagi 2.0 versiya raqami esa yangicha tamoyillar asosida qurilayotgan vebni ifodalaydi.
Xo‘sh, Veb 1.0 va Veb 2.0 bir biridan qanday farq qiladi?  Dastlabki ko‘zga tashlanadigan farqlar quyidagicha:

Veb 1.0 ga xos holatlar Veb 2.0 ga xos holatlar
Shaxsiy veb sahifalar Bloglar
Domen nomlari bilan chayqovchilik qilish Saytni qidiruv tizimlari uchun optimizatsiya qilish
HTML sahifalardan maʼlumotlarni ajratib olish yoki freymlardan foydalanish Veb servislar, RSS
Kontent boshqarish tizimlari Viki texnologiyasi
Kataloglar Teglar
Foydalanuvchilarni saytda saqlab qolishga harakat qilish Yangiliklar tasmalarini taqdim qilish

Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Keling, Veb 2.0 ga xos bo‘lgan asosiy holatlar, xususyatlarga kamroq bo‘lsada bitta bitta to‘xtalib o‘tsak:

Veb platforma sifatida.

Vebdagi ayrim saytlar endilikda shunchaki sahifalar to‘plami emas. Ularning ortida juda katta infrastruktura turadi. Oddiy misol — Google. Google qidiruv tizimi taqdim qiladigan oddiygina bir sahifa va undagi hammaga tanish bo‘lgan tezkor va aniq qidirish xizmatining ortida o‘n minglab serverlar va murakkab algoritmlarni o‘zida mujassamlagan katta platforma yotadi.

Jamoa bo‘lib ishlash, birgalikda yaratiladigan kontent.

Vebda shunaqa saytlar paydo bo‘ldiki, bu saytlardagi ma’lumotlarni uning foydalanuvchilari yaratadi. Xususan, Internetdagi Wikipedia ensiklopediyasini bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ushbu ensiklopediyaga hamma o‘z hissasini qo‘shish mumkin va u dunyodagi ko‘pgina tillarda to‘ldirib boriladi. Shu jumladan o‘zbek tilida ham: http://uz.wikipedia.org/. Bundan tashqari bunday saytlarga misol qilib, http://del.icio.us/ (interenetdagi qiziqarli sahifalarga xatcho‘plar qo‘yish) va http://www.flickr.com/ (fotosuratlarni saqlash, bo‘lishish) kabi saytlarni ham ko‘rsatish mumkin.
Shu o‘rinda turli ijtimoiy tarmoqlarga ham to‘xtalish mumkin. Bunaqa tipdagi saytlarga a’zo bo‘lgan foydalanuvchilar odatda o‘zlarining sahifalariga, veb albomlariga, bloglariga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari boshqa a’zolar bilan do‘stlashishlari, tanishishlari va qandaydir ma’noda o‘zlarining kichik hamjamiyatlarini yaratishlari mumkin bo‘ladi. Bunday tipdagi saytlar qatoriga ko‘pchilikka tanish bo‘lib ulgurgan http://odnoklasniki.ru/, http://hi5.com/, http://facebook.com/ kabi ijtimoiy tamoqlarni ko‘rsatish mumkin. Oxirgi yillarda uznetda ham bunday tipdagi saytlar soni oshmoqda. Xususan, http://bool.uz/, http://duppi.uz/ va hokazo.
Vebdagi ko‘plab xizmatlar va infrastrukturalarni tashkil qilishda Linux, Apache, MySQL, va Perl, PHP yoki Python kabi erkin va ochiq kodli dasturiy ta’minotlarning qo‘llnilishi ham   jamoa ishining yaqqol misolidir.

Bloglar.

Bloglar Veb 2.0 ni ifodalovchi eng asosiy holatlarning biridir. Blog inglizcha Web va Log so‘zlaridan yaratilgan yangi atama bo‘lib, oddiy qilib aytganda internet tarmog‘ida yuritiladigan kundalik tipidagi sayt. Blog muallifi har kuni o‘zi biror bir mavzu bo‘yicha yoki o‘z hayotidagi biror bir qiziq voqea haqida blogida yozib borishi mumkin. Bloglar axborotning vebda taqdim qilishning eng qulay vositalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda blog ochish uchun shunchaki istak bo‘lsa kifoya, siznig xizmatingizda son sanoqsiz blog xizmatlari muntazir. Ular qatorida LiveJournal (http://www.livejournal.com/), Blogger (http://www.blogger.com/), Wordpress (http://www.wordpress.com/) kabi xizmatlarni ko‘rsatish mumkin. UzNetda ZiyoNet tarmog‘i portalida (http://zn.uz/) blog ochishingiz mumkin. Bu portalda alloqachon bir qancha qiziqarli ma’lumotlarni o‘zida to‘plagan va tez-tez yangilanib boradigan bloglar ishlab turibdi. Hozir o‘qiyotgan blogingiz http://linux.zn.uz/ ham ushbu bloglardan biri hisoblamadi :).

Saytlar yaratishda qo‘llaniladigan yangi texnologiyalar.

RSS va Atom
RSSVeb saytlardagi yangiliklarni maxsus formatlangan XML fayl ko‘rinishida olish mumkin. Bu holat Veb-sindikatsiya deyiladi yoki boshqacha aytganda yangiliklar tasmalari. Ushbu texnologiyaning yaxshi tomoni shundaki, endi yangilikni o‘qish uchun reklama to‘lib yotgan saytni ochish shart emas. Yangiliklar tasmasini RSS o‘quvchi dasturingizga yozib qo‘ysangiz kifoya. U yerdan har doim kerakli yangilikni saytga kirmasdan o‘qishingiz mumkin. Bu imkoniyatdan foydalanib biror saytning yangiliklarini boshqa bir saytda chiqarsa ham bo‘ladi. Linux.zn.uz blogidagi yangiliklarni ham RSS formatida olish mumkin. RSS tasmaning manzili quyidagicha: http://linux.zn.uz/feed
AJAX
To‘liq yozilishi - Asynchronous JavaScript and XML. Ushbu texnologiya sahifani to‘liq qayta yuklashga barham beradi. Ushbu texnologiya ko‘pgina veb dasturlarni kundali ishlatadigan, operatsion tizimga o‘rnatiladigan dasturlar kabi foydalanishimizga yordam beradi. U XHTML, CSS, DOM, XML, XSLT, XMLHttpRequest, JavaScript kabi bir biri bilan chambarchas tarkibiy qismlarni o‘zida ifodalaydi. Ushbu texnologiya faol qo‘llanilgan veb dasturlar qatoriga Gmail (http://gmail.com/) pochta xizmati, Google Reader (http://google.com/reader/) yangiliklar tasmasini veb intefeysda o‘qish dasturi kabi dasturlarni ko‘rsatish mumkin.

Teglar, teg bulutlari

Veb saytlardagi, bloglardagi maqolalarni unda ishlatiladigan bir yoki undan ortiq kalit so‘zlar bilan belgilab qo‘yish. Ushbu so‘zlar teg deb nomlanadi. Buning qulay tomoni shundaki, saytda biror bir mavzuga xos ma’lumotlarni tezda topishni yanada osonlashadi. Linux.zn.uz blogida teg buluti ham bor uni o‘ng tarafdagi panelda ko‘rishingiz mumkin.

Tag Cloud

Veb 2.0 atamasi o‘zida ko‘plab tushunchalarni ifodalaganligi sababli u haqida juda ko‘p gapirish, tahlil qilish mumkin. Lekin bir narsani unutmaslik kerakki, Veb 2.0 tushunchasi 2005-yildan boshlab faol qo‘llanilayotgan bo‘lsada, hozirda tarmoqdagi hamma saytlar ham veb 2.0 ta’limoti yoki tamoillari asosida qurilgani yoki faoliya yuritayotgani yo‘q. Albatta bu majburiy ham emas. Sayt veb 2.0 tamoillariga qanchalik mos kelishi unda qo‘llanilgan texnologiyalar va foliyat ko‘rsatish, ma’lumotlarni taqdim qilish usuli yuqorida sanab o‘tilgan holatlar bilan mos kelishiga qarab aniqlanadi.

MonoDevelop IDE bilan tanishamiz

Опубликовано Behzod Saidov 12.06.2008

MonoDevelop dasturi C# va boshqa .NET platformadagi tillarda dastur tuzish uchun erkin IDE hisoblanadi.

Ushbu maqolada qanday qilib uni o‘rnatish va C# dasturlash tilida oddiy «Hello World» tipidagi dasturni yaratish ko‘rsatiladi. O‘rnatish Ubuntu 8.04 LTS distributivida amalga oshiriladi.

Dasturni o‘rnatish uchun repozitoriylarni moslagandan so‘ng konsolni ochamiz va

$sudo apt-get install monodevelop

buyrug‘ini beramiz. Apt paket poshqaruvchisi Internetdan kerakli paketlarni olib o‘rnatadi. Menda u 28MB hajmda paketlarni olishinishi kerakligini ko‘rsatdi. Paketlar muvaffaqiyatli olinib o‘rnatilgandan so‘ng. Tizim asosiy menyusidagi «Dasturlash» bo‘limida «MonoDevelop» bandi paydo bo‘ladi. Uni bosib dasturni ishga tushiramiz:

MonoDevelop Wellcome

Yangi dastur tuzish uchun asosiy oynadagi «Start a New Solution» yozuvini bosishingiz mumkin. Bunda sizga quyidagi oyna taqdim qilinadi:

Create Solution

Chap tarafdagi panelda C# tilini, o‘ng tarafadagi paneldan esa «Консольный проект» shablonini tanlaymiz. So‘ng loyihaga nom berish kerak bo‘ladi. Yuqoridagi rasmdagi kabi unga «sinovdastur» deb nom berishingiz mumkin. Shu nom bilan uy jildingizda yangi jild ochiladi. Agar sizga bu ma’qul bo‘lmasa boshqa jildni tanlashingiz mumkin. «Forward» tugmasini bosishingiz bilan yana bir qancha parametrlar qo‘shish imkonini beradigan oyna taqdim qilinadi. Biz u yerda hozircha hech narsani tanlamasdan OK tugmasini bosamiz. Natijada yangi loyiha yaratiladi va undagi Main.cs faylida «Hello World» yozuvini chiqaruvchi dasturni ko‘rish mumkin.

Hello World

Dasturga hech qanday o‘zgartirish kiritmasadan F5 tugmasini bosish bilan uni ishga tushirishimiz mumkin.Ammo menda dastur ishga tushishni o‘rniga quyidagicha xato chiqdi:

Идёт построение решения sinovdastur
Идёт построение проекта: sinovdastur (Debug)
Выполняется основная компиляция…
Не удалось завершить построение. Executable not found: /usr/bin/gmcs

Google yordamiga murojjar qilib 5 daqiqada muammoni aniqladim. mono-gmcs paketi kerak ekan. Uni ham o‘rnatgandan so‘ng:

$sudo apt-get install mono-gmcs

Dastur ishga tushdi:

Hello World Working

Lekin natija alohida terminalda emas, baki MonoDevelop dasturining ichidagi bir panelda ko‘rinadi. Agar uni alohida teminalda ochlishini xoxlasangiz unda chap tarafdagi paneldan loyiha nomining ustiga sichqoncha o‘ng tugmasini bosing va u yerdan loyihaning xususiyatlarini (Свойства проекта) tanlang. Natijada yangi oyna taqdim qilinadi. U yerdagi chap tarafdagi panelning «Конфигурация» → «Debug» → «Вывод» qismini oching va quyidagi rasmdagidek «Запустить во внешней консоли» bandini belgilang. So‘ng OK tugmasini bosib, dasturni qayta ishga tushirishingiz mumkin. F5 tugmasini bosamiz va endi dastur quyidagicha ishlaydi:

MonoDevelop After Config

Endi dasturga o‘zgartirish kiritishingiz va yana ishga tushirishingiz mumkin. Yana bir kerakli narsani aytib otish mumkin. Bu MonoDevelop dasturining yordam tizimi. Dastur yozayotganda istalgan kalit so‘zni tanlab F1 tugmasini bossangiz unda o‘sha kalit so‘z bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni topilib taqdim qilinadi. Bu uchun monodoc paketini o‘rnatib:

$ sudo apt-get install monodoc

So‘ng, MonoDevelop dasturini yopib qayta ishga tushirish kerak. Endi biror bir kalit so‘zni masalan Console so‘zini tanlab, F1 tugmasini bosing. Natijada Console sinfi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin:

MonoDevelop Library


Copyright © 2007 Linux.zn.uz. All rights reserved.